O'zbekiston yangiliklari

Tadbirlar kalendari

Tadbirlar

Пн Вт Ср Чт Пт Сб Вс
Barcha tadbirlar

Huquqshunoslar malakasini oshirish yo‘lidagi hamkorlik

2015-06-04

Poytaxtimizda “Sud kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Oliy sud huzuridagi Tadqiqot markazi hamda AQSh Federal sud markazi, “Mintaqaviy muloqot” (Sloveniya) xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida tashkil etildi. Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, sud va huquqni muhofaza qilish organlari, oliy yuridik ta'lim va ilmiy muassasalar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori A.G'afurov va boshqalar mamlakatimizda qonun ustuvorligi va qonuniylikni, shaxs huquqi va manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan sud-huquq tizimi yaratilganini ta'kidladi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq amalga oshirilgan islohotlar samarasida sud hokimiyati har tomonlama mustahkamlanib bormoqda.

Demokratiya rivoji, islohotlar samarasi va jamiyat ravnaqi ko'p jihatdan sud tizimi xodimlarining bilim va malakasiga ham bog'liq. Mamlakatimizda huquqiy ta'lim va ma'rifatni kuchaytirish, huquqshunoslar malakasini yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2012-yil 30-noyabrdagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirishga oid tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni hamda 2013-yil 28-iyundagi “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo'lib xizmat qilayotir.

O'zbekistonda bu borada erishilgan ijobiy natijalar jahon hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilmoqda. Mamlakatimizda milliy tajribani har tomonlama tahlil qilish, sudyalarni tayyorlash va qayta tayyorlash sifatini oshirishga doir xorijiy amaliyot va sohaga xalqaro standartlarni tatbiq etishga dolzarb vazifa sifatida qaralmoqda.

Mamlakatimiz sud-huquq tizimida yuqori malakali kadrlar tayyorlanayotgani huquqiy ishlar sifati va tezkorligini oshirish, odil sudlovni ta'minlash imkonini bermoqda. Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, masofaviy ta'lim olishning ilg'or usullarini qo'llashga qaratilgan dasturlar bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishga xizmat qilayotir.

Anjumanda mamlakatimizda huquqshunoslar tayyorlashning yaxlit tizimi barpo etilgani, yuridik ta'lim va huquqshunoslik fanini o'qitishni yanada takomillashtirish, zamon talablariga javob beradigan sud kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash borasidagi ishlar katta samara berayotgani qayd etildi.

Huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazining alohida o'rni bor. Bu yerda har yili sud-huquq tizimining ikki mingdan ziyod mutaxassisi bilim va ko'nikmasini oshirmoqda. Markazda o'quv mashg'ulotlarini olib borish uchun ixtisoslashgan auditoriyalar, komputer va test xonalari, sud zali, kutubxona hamda Inson huquqlari bo'yicha resurs markazi mavjud bo'lib, ular barcha zamonaviy o'quv-uslubiy vositalar, elektron texnologiyalar bilan jihozlangan.

Markazda nazariy mashg'ulotlar amaliyot bilan uzviy bog'langani tinglovchilarni huquqni qo'llash amaliyoti tahlili bilan muntazam tanishtirib borish, sud kadrlarining kasb mahoratini oshirish va mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan AQSh Federal sud markazi o'rtasida izchil hamkorlik aloqalari va o'zaro faol tajriba almashinuvi yo'lga qo'yilgan.

AQSh Federal sud markazi direktori Jeremi Fogel Amerikada sudyalikka tayinlash amaliyoti, sudyalarni tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi ishlar xususida so'zladi. O'quv jarayonida sudyalarni masofaviy o'qitish va bunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishga doir masalalarga e'tiborni qaratdi. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimidagi keng ko'lamli islohotlar samaralariga yuksak baho berdi. Yuristlar malakasini oshirish markazida sud kadrlarini tayyorlash amaliyoti yaxshi yo'lga qo'yilgani, bu O'zbekistonda sud hokimiyatining yanada rivojlanishida va uning mustaqilligini ta'minlashda muhim omil bo'layotganini ta'kidladi.

– O'zbekistonning sud kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi menda katta taassurot qoldirdi, – dedi J.Fogel. – Sudyalikka tayinlanadigan shaxslarning muayyan tartibda o'qishi va stajirovka o'tashi shartligi sohaga har tomonlama yetuk kadrlarni, muayyan ish tajribasiga ega shaxslarni jalb etish imkonini bermoqda. Bu sud ishlari samaradorligini oshirish, eng muhimi, inson hayoti va taqdiri bilan bog'liq masalalarni adolatli hal etishga zamin yaratmoqda. O'zbekistonda sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Bu ishlarni ko'rib chiqish muddatini qisqartirib, fuqarolarning vaqti, mablag'i tejalishi, huquqlari o'z vaqtida tiklanishiga yordam bermoqda. Biz O'zbekiston bilan bu borada faol hamkorlik qilish niyatidamiz.

Xalqaro anjumanda mazkur yo'nalishda to'plangan ilg'or tajribalarni ommalashtirish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, sud ishlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, xususan, “onlayn” malaka oshirish kurslarini joriy etish masalalari muhokama qilindi, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Source: O'zA


Muvaffaqiyat
hikoyalari

Barcha maqolalar

Investitsiya
loyihalari

Barcha maqolalar

Amalga oshirilgan
loyihalar

Barcha maqolalar

Foto lavhalar